Tarmoq markazi xodimlari Hongik universitetiga tashrif buyurdi
Tarmoq markazi va Hongik universiteti o‘rtasida xalqaro hamkorlik rivojlantirilmoqda 2026-yil 18-avgust kuni Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzuridagi Tarmoq markazi xodimlari Koreya Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Hongik universitetiga tashrif buyurdi.
💎 Tashrif davomida Hongik universiteti professor-o‘qituvchilari hamda mas’ul mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ta’lim sifatini oshirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda pedagog kadrlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
💎 Uchrashuvlar yakunida Toshkent arxitektura-qurilish universiteti Tarmoq markazi hamda Hongik universiteti o‘rtasida qo‘shma malaka oshirish kurslarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur kelishuv ikki ta’lim muassasasi o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini o‘quv jarayoniga joriy etish va pedagoglarning xalqaro tajribasini oshirishga xizmat qiladi.
💎 Shuningdek, tashrif doirasida Hongik universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan Tarmoq markazida ishlab chiqilgan 9 ta malaka oshirish kursining o‘quv dasturlari ko‘rib chiqilib, ularga tegishli taqriz va tavsiyalar berildi. Mazkur ekspert xulosalari o‘quv dasturlarining mazmunini xalqaro tajriba asosida takomillashtirish va zamonaviy talablar bilan uyg‘unlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
💎 Hamkorlikning amaliy natijalaridan yana biri sifatida bitta qo‘shma malaka oshirish kursining mutaxassislik modullari Hongik universitetining tegishli kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. Ushbu modul va dasturlarni ishlab chiqishda zamonaviy ilmiy yondashuvlar, ilg‘or xorijiy tajriba hamda qurilish va arxitektura sohasidagi yangi texnologiyalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratildi.
🤝 Tashrif yakunida ikki ta’lim muassasasi o‘rtasida qo‘shma malaka oshirish kurslarini muntazam tashkil etish, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish hamda ta’lim dasturlarini hamkorlikda takomillashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi Memorandum imzolandi.
💎 Mazkur tashrif va erishilgan kelishuvlar Toshkent arxitektura-qurilish universiteti Tarmoq markazining xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, xorijiy tajribani malaka oshirish tizimiga joriy etish hamda arxitektura-qurilish sohasi pedagog kadrlari xamda soha mutaxassislarining kasbiy malakasini yanada oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.